Savollar
Doʻkon egalari soʻraydigan savollar
Narx, jihozlar, internet, soliq va oʻqitish haqida qisqa va toʻgʻri javoblar.
Narx va toʻlov
Tariflar, sinov oyi, toʻlov, ikkinchi doʻkon va dollar kursi.
9 ta savol
Qancha turadi? Yashirin toʻlov bormi?
Uchta tarif bor: Start oyiga 99 000 soʻm, Biznes 199 000 soʻm, Pro 399 000 soʻm. Birinchi oy bepul, karta soʻralmaydi. Har bir qoʻshimcha doʻkon oyiga 99 000 soʻm. Qurilma, sotuv yoki chek uchun alohida toʻlov yoʻq; uskunani bizdan sotib olsangiz, faqat uning narxi alohida.
Qaysi tarif menga mos?
Tovarlaringiz 500 tadan kam boʻlsa, siz bilan birga 3 kishigacha ishlasangiz va dollar narx, ulgurji savdo yoki narx nazorati kerak boʻlmasa, Start yetadi. Sotuvchilar, yetkazib beruvchilar yoki dollarda keladigan tovar boʻlsa, Biznes. Tovar juda koʻp boʻlsa yoki tovarlarni kiritish, xodimlarni oʻrgatish va doʻkonga chiqishni bizga topshirmoqchi boʻlsangiz, Pro. Ikkilansangiz, sinov oyidan keyin birga tanlaymiz.
Tovarlarim 500 tadan oshsa yoki yangi sotuvchi olsam-chi?
Sotuv toʻxtamaydi. Sizga yozamiz va keyingi oydan Biznes tarifiga oʻtasiz. Arxivdagi tovarlar va oʻchirilgan xodimlar hisoblanmaydi; har bir oʻlcham va rang alohida tovar hisoblanadi.
Tarifni keyin oʻzgartirsa boʻladimi?
Ha. Yuqoriroq tarifga istalgan kuni oʻtasiz, yangi narx keyingi toʻlovdan boshlanadi. Pastroq tarifga keyingi oydan oʻtasiz: ortiqcha imkoniyatlar oʻchiriladi, maʼlumotlaringiz esa saqlanadi. Telegramda yozing, «Obuna» sahifasidagi summani oʻzimiz oʻzgartiramiz.
Ikkinchi doʻkonim bor. Qancha turadi va nima beriladi?
Har bir qoʻshimcha doʻkon oyiga 99 000 soʻm, istalgan tarifda. U oʻz manzili, tovarlari, qoldigʻi, sotuvchilari va hisobotlari bilan alohida ishlaydi, siz ikkalasiga ham egasi sifatida kirasiz. Tovarlar roʻyxatini birinchi doʻkondan koʻchirib beramiz. Doʻkonlar orasida tovar koʻchirish va umumiy hisobot hozircha yoʻq.
Bir oydan keyin nima boʻladi? Ketmoqchi boʻlsam-chi?
Sinov oyi tugashidan oldin eslatamiz va tarifni birga tanlaymiz. Davom etsangiz, tanlagan tarifingiz boʻyicha har oy oldindan toʻlaysiz. Davom etmasangiz, toʻlamaysiz, xolos: majburiy muddat va jarima yoʻq, sotuvlar va tovarlarni faylga yuklab olasiz.
Qanday toʻlayman? Oldindan toʻlasam chegirma bormi?
Dasturdagi «Obuna» sahifasida koʻrsatilgan kartaga pul oʻtkazasiz va «Toʻladim» tugmasini bosasiz, biz tekshirib tasdiqlaymiz. 6 oyga oldindan toʻlasangiz bir oyi, 12 oyga toʻlasangiz ikki oyi bepul.
Toʻlov kechiksa, maʼlumotlarim oʻchadimi?
Yoʻq. Avval eslatma chiqadi. Toʻlov uzoq kechiksa, dastur toʻxtatilishi mumkin, lekin maʼlumotlaringiz oʻchmaydi: qarz toʻlanib, tasdiqlangach, hammasi darhol qaytadi.
Dollar kursi oʻzgarsa-chi?
Bugungi kursni oʻzingiz yozasiz: dollarda kiritilgan tovarlarning soʻmdagi narxi oʻzi yangilanadi va siz tanlagan qadamgacha yaxlitlanadi. Kassa, yorliqlar va hisobotlar soʻmda qoladi. Dollar narxlar sozlamalarda yoqiladi.
Qurilmalar
Kassa kompyuteri, chek printeri, skaner, pul qutisi va telefon.
8 ta savol
Kassaga qanday jihoz kerak?
Kassa uchun: sensorli monoblok, noutbuk yoki kompyuter (Windows 10 yoki 11, Chrome yoki Edge), 58 yoki 80 mm chek printeri va USB yoki Bluetooth skaner. Kerak boʻlsa: pul qutisi, yorliq printeri, A4 printer va yorliq chiqaradigan tarozi. Zalda sotish yoki uzoqdan koʻrish uchun telefon va planshet ham ishlaydi, kamerasi shtrix kodni oʻqiydi.
Jihozni qayerdan olaman, kim ulaydi?
Uskunani bizdan olishingiz mumkin: ulab, sozlab beramiz. Oʻzingiz sotib olsangiz ham, doʻkoningizda sozlab beramiz. Qaysi jihoz kerakligini doʻkoningizga qarab birga tanlaymiz.
Kompyuterim eski yoki Mac boʻlsa-chi? Monoblok olishim shartmi?
Monoblok shart emas: Windows 10 yoki 11 dagi noutbuk yoki kompyuter ham boʻladi, Chrome yoki Edge bilan. Mac va Linuxda ham ishlaydi, lekin chek chop etish oynasi orqali chiqadi va pul qutisi ochilmaydi. Kompyuteringiz modelini aytsangiz, mos kelishini tekshiramiz.
Qaysi chek printeri mos keladi?
Windows drayveri bor istalgan 58 yoki 80 mm termo chek printeri. Chek brauzer orqali chiqadi; kassa yorligʻi bilan ochilsa, chop etish oynasiz darhol chiqadi. A4 va A5 «Tovar cheki» uchun oddiy printer ham boʻladi.
Pul qutisi qanday ochiladi?
Pul qutisi chek printerining RJ-11 (DK) uyasiga ulanadi va printer signali bilan ochiladi. Bu Windows kompyuterda, kassa yordamchisi oʻrnatilganda ishlaydi. Quti naqd sotuv va naqd qaytarishda ochiladi; karta, oʻtkazma va nasiyada ochilmaydi.
Karta terminali ulanadimi?
Yoʻq. Karta terminali alohida ishlaydi: mijoz terminalda toʻlaydi, siz kassada «Karta»ni bosasiz va sotuv shu toʻlov turi bilan yoziladi. Toʻlov tizimlari bilan ulanish yoʻq.
Ikkita kassam yoki ikkita doʻkonim boʻlsa-chi?
Bitta doʻkonda bir nechta kassa bir vaqtda ishlaydi, qoʻshimcha toʻlovsiz: har birining oʻz printeri boʻladi. Ikkinchi doʻkon esa oyiga 99 000 soʻm: u oʻz manzili, tovarlari va hisobotlari bilan alohida ishlaydi, umumiy hisobot hozircha yoʻq.
Telefonda ham sotsa boʻladimi?
Ha, zalda: sotuvchi telefon yoki planshetda sotadi, kamera shtrix kodni oʻqiydi. Telefon chekni faqat chop etish oynasi orqali, oʻzi koʻradigan printerga chiqaradi, pul qutisi esa faqat Windows kompyuterdan ochiladi. Shuning uchun kassada kompyuter yoki monoblok turadi.
Internet va maʼlumotlar
Internet uzilsa nima boʻladi, maʼlumotlar qayerda va qanchalik xavfsiz.
3 ta savol
Internet uzilsa yoki svet oʻchsa-chi?
Kassa sotishda davom etadi: sotuvlar shu kassaning oʻzida saqlanadi va internet qaytganda oʻzi yuboriladi. Internetsiz qaytarish, PIN bilan xodim almashtirish va yangi mijoz qoʻshish boʻlmaydi; biror sotuv 48 soatdan ortiq yuborilmay tursa, kassa sotishni toʻxtatadi. Svet oʻchsa, monoblok ham oʻchadi, noutbuk va telefon esa batareyada ishlayveradi.
Maʼlumotlarim xavfsizmi? Kompyuter buzilsa-chi?
Maʼlumotlar kassa kompyuterida emas, Toshkentdagi serverda saqlanadi, har kecha esa shifrlangan zaxira nusxasi alohida joyga olinadi. Kompyuter buzilsa yoki telefon yoʻqolsa, yuborilgan hech narsa yoʻqolmaydi: boshqa qurilmadan kirasiz. Boshqa doʻkonlar sizning maʼlumotlaringizni koʻrmaydi.
Ertaga siz yoʻqolsangiz-chi?
Sotuvlar va mahsulotlar roʻyxatini istalgan payt faylga yuklab olasiz, u Excelda ochiladi. Qoʻllanma hammaga ochiq: dastur qanday ishlashini oldindan oʻzingiz koʻrasiz.
Boshlash
Tovarlar va eski qarzlarni kiritish, oʻqitish, Excel va 1C.
4 ta savol
Qiyin emasmi? Kim oʻrgatadi?
Sotish oddiy: tovarni skanerlaysiz yoki rasmini bosasiz, keyin «Toʻlov» (klaviaturada F2). Doʻkonni ochib, kassani ulaymiz. Sizga va sotuvchilarga oʻrgatamiz. Har bir tugma qoʻllanmada real ekran rasmlari bilan koʻrsatilgan.
1 000 ta tovarim bor, kim kiritadi?
Roʻyxatingiz Excel yoki CSV faylda boʻlsa, yuboring. Excel roʻyxatingizni yuklab beramiz. Tovarlar boshqa dasturda, nakladnoyda yoki rasmda boʻlsa, Pro tarifida ularni qadoq va shtrix kodlari bilan oʻzimiz kiritamiz. Doʻkonning oʻzi ham CSV faylni yuklay oladi; shtrix kodi yoʻq tovarga doʻkon kodi va yorliq chiqariladi.
Daftardagi qarzlar-chi?
Eski qarzlar mijoz sahifasiga boshlangʻich qarz boʻlib, «Eski daftardan» izohi bilan yoziladi; ularni oʻzingiz kiritasiz. Pro tarifida esa daftardagi qarzlarni oʻzimiz kiritamiz.
Excel yoki 1C bilan ishlayman.
Mahsulotlar roʻyxati CSV faylda yuklanadi va yuklab olinadi, ruscha Excel CSV ham boʻladi. A4 «Tovar cheki» 1C dagi kabi chiqadi: summa soʻz bilan va imzolar bilan. 1C bilan avtomatik almashuv yoʻq.
Soliq va fiskal chek
Fiskal chek va POS tizimi haqida ochiq javob.
2 ta savol
Fiskal chek chiqaradimi?
Yoʻq. Merka fiskal kassa emas va soliq QR kodini chiqarmaydi: uning cheki doʻkonning oʻz hisobi uchun. Doʻkoningiz fiskal chek berishi kerakmi, soliq maslahatchingiz yoki kassa xizmat koʻrsatish markazidan soʻrang.
POS tizimi nima?
POS tizimi deb doʻkon kassasi uchun dastur va jihozlarga aytiladi: sotuv, chek, ombor va hisobotlar uchun. Merka shunday tizim: kassada monoblok yoki kompyuterda chek printeri va skaner bilan ishlaydi, egasi esa savdoni telefonida koʻradi.
Xodimlar
Sotuvchi nimani koʻradi va nimaga ruxsat berilmaydi.
2 ta savol
Sotuvchi oʻgʻirlasa yoki chegirma bersa-chi?
Har bir chekda kim sotgani yoziladi, kassir esa tannarx va foydani koʻrmaydi. Narx nazorati «Taqiqlash» rejimida boʻlsa, tannarxdan arzon yoki ruxsatdan katta chegirmali sotuv egasi yoki menejerning PIN kodisiz oʻtmaydi; «Ogohlantirish» rejimida kassir sababini koʻrib tasdiqlaydi va sotuv «tasdiqlangan» deb belgilanadi. Chek boʻlmasa, qaytarish ham boshqaruvchining PIN kodini soʻraydi; pul qutisi esa faqat naqd toʻlovda ochiladi.
Sotuvchilar nimani koʻradi?
Kassir sotadi, qaytaradi, mijozlar bilan ishlaydi va faqat oʻz sotuvlarini koʻradi; tannarx va foyda unga koʻrinmaydi. Boshqaruvchi hisobotlar, xodimlar va obunadan boshqa hamma ishni qiladi. Xohlasangiz, foydani boshqaruvchidan ham yashirasiz.
Til
Dastur va qoʻllanma qaysi tillarda.
1 ta savol
Rus tilida bormi?
Ha. Har bir xodim dasturni oʻzbek (lotin) yoki rus tilida ishlatishni oʻzi tanlaydi. Qoʻllanma oʻzbek tilida.
Javob topmadingizmi?
Raqamingizni qoldiring: qoʻngʻiroq qilib, savolingizga javob beramiz.
Boshlash
Kassani doʻkoningizga ulab beramiz
Raqamingizni qoldiring: qoʻngʻiroq qilib, doʻkoningiz, tovarlaringiz va kassa jihozlaringiz haqida soʻraymiz.
1 oy bepul, karta soʻralmaydi.
Kassangiz shunday boʻladi
Manzil shunday boʻlishi mumkin: dokoningiz-nomi.kassapos.online